AQSH rossiyalik olimlarni “o‘ziga og‘dirib” olmoqchi
Doktorlik darajasiga ega bo‘lgan rus fuqarolari uchun viza tizimi soddalashtiriladi.

Oq uy ma’muriyati rossiyalik yetakchi olimlarni AQSHga jalb qilmoqchi. Buning uchun mutaxassislarning migrasiyasiga viza talablarini soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oq uy rossiyalik yuqori malakali olimlar uchun ayrim viza talablarini bekor qilishga tayyorlanmoqda. Xususan, Oq uy Kongressga yo‘llagan so‘nggi so‘rovida AQSHdagi ish beruvchining mehnat vizasi olish zaruratini yo‘q qilishni taklif qilgan.
Ushbu qoida AQSH yoki xorijda fan, texnologiya, muhandislik va matematika bo‘yicha magistr yoki doktorlik darajasiga ega bo‘lgan Rossiya fuqarolariga nisbatan qo‘llanilishi kutilmoqda.
Ushbu tashabbus Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yuqori texnologiyali resurslarini zaiflashtirishga qaratilgan va uzoq muddatda Rossiya Federasiyasining innovasion bazasini buzishi kerak.
Ma’muriyat yarimoʻtkazgichlar, kosmik texnologiyalar, kiberxavfsizlik, ilg‘or hisoblash, yadroviy muhandislik, sun’iy intellekt, raketalarni harakatga keltirish texnologiyasi va boshqa ixtisoslashgan fan sohalarida tajribaga ega rossiyaliklarni mamlakatga kirishini osonlashtirmoqchi.








