Farg‘onada norasmiy hujra tashkil etgan shaxs ushlandi
U 5 nafar fuqaroga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan.

Joriy yilning 22-fevral kuni Farg‘ona viloyat IIB hamda DXX hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolarga noqonuniy diniy ta’lim berib kelayotgan shaxs ushlangan. Bu haqda UzA axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro diniy ta’lim berish uchun hech qanday lisenziyaga ega bo‘lmay turib, arab tili grammatikasi bo‘yicha ta’lim berish bahonasida o‘z uyida norasmiy ravishda hujra tashkil qilgan.
Ta’lim oluvchi 5 nafar shaxsning 4 nafari voyaga yetmagan fuqarolar bo‘lgan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlar bo‘yicha Yozyovon tumani sudiga yuborilgan. Sud tomonidan fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.








