Samarqandda “Mikrokreditbank” rahbari pora bilan qo‘lga tushdi
U tadbirkorga 2 mlrd so‘m kredit ajratib berish uchun 10 ming AQSH dollari so‘ragan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank rahbari pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Mikrokreditbank” rahbari Samarqand shahridagi MCHJga 2 mlrd so‘m kredit ajratib berish evaziga tadbirkordan 10 ming AQSH dollari talab qilgan. Rahbar 4 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritib, tadbirkordan so‘ralgan pulning qolgan 6 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mansabdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda “Qishloqqurilishbank” xodimi 30 mln so‘m pora bilan qo‘lga tushgandi. U fuqaroga Urganch shahrida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan 2 tasini tanishlari yordamida 20 yillik ipoteka krediti orqali olib bermoqchi bo‘lgan.
Javohirbek TURSUNOV








