“Kattaroq” ishda ishlaganimda shunaqa deya olisharmidi?!
Jizzaxlik homilador ayol viloyat tez tibbiy yordam markazigaga qorindagi og‘riq bilan murojaat qiladi. Navbatchi vrach esa uni “iftorlikda bo‘kib ovqat yeganlikda” ayblab, qabul qilmaydi va boshqa shifoxonaga yuboradi.

“Zamon.uz” tahririyatiga Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yashovchi ayol nomidan murojaat kelib tushdi. Fuqaro o‘z murojaatida qorin og‘rig‘i bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax viloyat filialiga borganini va shifokorlar uni qaytarib yuborganini bayon qilgan.
Murojaatda aytilishicha, ayol homilador bo‘lgan va 3 kun davomida qorin og‘rig‘i uni bezovta qilgan. O‘zining tuman tibbiyot birlashmasi uzoqligi uchun Uchtepaga emas, viloyat filialiga murojaat qilgan. Navbatchi shifokor esa aynan shuni ro‘kach qilib, uni qabul qilmaydi va tibbiy yordam ko‘rsatmaydi.
Bundan tashqari, vrach qabuliga kelgan bemorni “iftorlikda bo‘kib ovqat yeganlikda” ayblaydi.
“Navbatchi vrachlar gal almashadigan vaqtga to‘g‘ri kelibman. Hali vrach yo‘q. Hamshira telefon raqamlarini terdi, va g‘alati suhbat boshlandi.
— Alo, Nasiba opa, yaxshimisiz navbatchilik vaqtingizdan ikki daqiqa o‘tib ketdi. Tushyapsizmi?
— Ha, Charos, nima gap?
— Xotin kelgan (ya’ni men). Qorni og‘riyotganmish. Yuqori qismi, 36 haftalik. O‘tiribdi. Kelasizmi?
Hamshiraga yaqin o‘tirganim uchun go‘shakning narigi tomonidan kelayotgan ovoz aniq eshitilib turdi
— Iftorlik vaqti ekan deb bo‘kib yeb olgandir-da, shunga og‘rigandir. Kelavaradi bular.
Gʻalati bo‘lib ketdim”, — deydi ayol o‘z murojaatida.








