Ukraina uchta davlatdan 500 mln yevro pul oldi
Mablag‘ ijtimoiy, gumanitar sohalarga yo‘naltiriladi.

Ukraina Jahon bankining ko‘p donorlik trast fondi orqali AQSH, Norvegiya va Avstriyadan 495 million yevro miqdorida grant mablag‘larini oldi. Bu haqda moliya vaziri Sergey Marchenko ma’lum qildi.
“Haftani xalqaro jabhadagi ijobiy yangiliklar bilan boshlaymiz. Ukraina davlat byudjetiga Jahon banki donorlari tomonidan beriladigan grant mablag‘larining muntazam qismi kelib tushdi”,— deb yozdi vazir ijtimoiy tarmoqda.
Shuningdek, u AQSHdan 500 mln dollar miqdorida yana bir grant yordami jalb etilishini e’lon qildi.
Marchenkoning aniqlik kiritishicha, grant Ukraina davlat byudjetining umumiy jamg‘armasiga ustuvor ijtimoiy, gumanitar, sog‘liqni saqlash xarajatlarini ta’minlash uchun yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Ukraina Jahon bankidan 88,5 million yevro miqdorida grant olgan edi.








