Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuchli sel oqimi kuzatildi
Oqibatda 2 ta elektr ustuni ag‘darilgan va ta’minot to‘xtatilgan.

Bugun, 3-may kuni respublikaning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik, sel oqimi va suv toshqinlari yuzaga keldi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz tumanidagi “Hisorak” QFY hududida yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik tepaliklardan qum aralash shag‘allarni ichki yo‘llarga yuvib tushirgan. Hodisa oqibatida aholi xonadonlari, ularning mulklariga ziyon yetmagan.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida qisqa muddatli yog‘ib o‘tgan yomg‘ir yog‘ishi oqibatida tumanning “Machay”, “Yuqori Machay” va “Darband” qishlog‘ida qisqa muddati sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari “Toshkent-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘liga toshgan.
Shuningdek, Sariosiyo tumani tog‘li hududining “Xonjiza” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Xursandsoy” soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona, 110 kVt kuchlanishli metal konstruksiyali ustunlar ostini yuvishi oqibatida ushbu ustunlarni yonboshga yiqilishiga olib kelgan. Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda xavfsizlik nuqtai nazardan vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan.
Shu bilan birga, “Sangardak” soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan. Yo‘llarda to‘plangan loyqa va qum-shag‘allar maxsus muhandislik texnikalari yordamida to‘liq bartaraf etilgan.








