Farg‘onada 9 ta “Damas”ni ortib ketayotgan yuk mashinasi avtohalokatga uchradi
Oqibatda 7 ta avtomashinaga texnik shikast yetgan. Bir kishi shifoxonaga yuborilgan.

Kecha, 4-may kuni Uchko‘prik tumani Mehnatobod qishlog‘i hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida 3 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport xodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi “MAN” rusumli yuk avtomobilida harakatlanayotib, svetaforning taqiqlovchi chirog‘ida tuxtab turgan yana bir “MAN” rusumli transport vositasining orqa tomoniga borib urilgan. Oldindagi yuk mashinasi o‘z tirkamasida 8 dona yengil avtomobillarni olib ketayotgan bo‘lgan.
Zarb oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan “MAN” haydovchisi o‘zidan oldinda bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomobilning yon tomoniga urilgan.
Hodisada “MAN” rusumli yuk mashina haydovchilaridan biri yengil tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan. Bundan tashqari, to‘qnashuvda ishtirok etgan transport vositalariga hamda tirkama ustiga ortilgan “Damas”larning to‘rt donasiga texnik shikast yetgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.








