Putin G‘arbga nisbatan qanday qatʼiy choralar ko‘rishi ochiqlandi
Prezident ushbu masala yuzasidan Farmon imzolagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «ayrim xorijiy davlatlarning nodo‘stona harakatlari»ga qarshi iqtisodiy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Rossiya rasmiylari, tashkilotlari va jismoniy shaxslariga mamlakat hukumati javob sanksiyalari qo‘ygan kompaniyalar hamda jismoniy shaxslar bilan bitimlar tuzish taqiqlab qo‘yilgani Farmonda belgilangan. Hujjat huquqiy axborotning rasmiy internet portalida joylashtirilgan.
Shuningdek, quyidagilar:
– Rossiya sanksiyalari ostidagi kompaniyalar va shaxslar bilan agar bitim hali tugallanmagan bo‘lsa, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlarni bajarish;
– benefitsiarlari sanksiyalarga duchor bo‘lgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish;
– taqiq ostida bo‘lganlar foydasiga mamlakatdan xomashyo va mahsulotlarni olib chiqish mumkin emas.







