Jizzaxda 2 ta xonadon yonib ketdi
Hodisaga gaz ballonlarining nazoratsiz qoldirilishi sabab bo‘lgan.

Bugun 5-may kuni Zafarobod tumani “Yorqin” SHFY hududidagi xonadonlardan birida yong‘in yuz berdi. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Yashash xonadonining oshxonasida 6 kvadrat metr maydonda tom-shift qismi yonib zararlangan.
Bundan tashqari, shu kuni soat 11:56 da Jizzax shahri “Zargarlik” MFY hududidagi yana bir xonadonda yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda yashash xonadoni oshxonasining 15 kvadrat metr maydonida shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan. Hech kim jarohatlanmagan.
Har ikki holatda ham yong‘in maishiy gaz ballonlarining nazoratsiz qoldirilishi oqibatida ro‘y bergan. Hozirda ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.








