Qashqadaryoda san’atkorlar ishtirokida madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda
Viloyatdagi mahallalarda milliy filmlar namoyishi, kastinglar va insholar tanlovi tashkil etilmoqda.

Kinematografiya agentligi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan birgalikda rejalashtirilgan tadbirlarda faol ishtirok etib, “mahallabay” tizimi doirasida ijodiy uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Har bir mahallada “Kinoklub” ixtisoslashtirilgan avtotransportlari yordamida yangi milliy filmlar namoyishi tashkil etilmoqda. Qashqadaryolik hamkasblar safiga respublikaning barcha hududlaridan kinoijodkorlar qo‘shilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida bir qancha san’atkor va ijodkorlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar boshlangan. Kinematografiya agentligi ham mazkur tadbirlarga jalb etilgan taniqli kinoijodkorlardan iborat “Ma’rifat karvoni”da faol ishtirok etmoqda.
“Bu kabi tadbirlar nafaqat kinomuxlislar, balki san’atkorlar uchun ham katta motivasiya bo‘ladi. Yaxshi kinofilmlarning targ‘iboti, jonli ijodiy uchrashuvlar, ayniqsa, o‘zaro muloqotlar orqali “Yangi O‘zbekiston” shukuhini his etish, mamlakatimizda bo‘layotgan ijodiy o‘zgarishlarni mazmun mohiyatini yanada chuqurroq anglashga zamin yaratadi”, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov.
Kecha viloyatning Qarshi shahrida, Yakkabog‘ tumani Saxovat uyida, Nishon tumanida, Qarshi sanatoriyasida ko‘ngilochar tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Nishon tumanida kinoijodkorlar, yozuvchilar, ziyolilar va estrada yulduzlari bilan yoshlar o‘rtasida kinoviktorinalar va kino san’atiga oid davra suhbatlari o‘tkazildi. Faol ishtirokchilarga kitoblar va boshqa esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Kinoijodkorlar maktablarda namoyish etish uchun “Ilhaq”, “O‘tkan kunlar”, “Matonat maktabi” va “Abdulla Oripov” filmlarini olib kelishgan. Filmlarni tomosha qilgandan so‘ng o‘quvchilar tomonidan ijodiy ishlar yoziladi, ular avval tuman, keyin esa viloyat bosqichida baholanadi. Gʻoliblar maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Qarshi shahridagi “Shayx Ali” mahallasida joylashgan 18 sonli Muruvvat uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Muhammadali Iskandarovning “Men terrorchi emasman” filmi namoyish etildi.
“So‘nggi yillarda ko‘plab yangi filmlar yaratilmoqda, shu sababli davlatimiz rahbari tomonidan ana shu ma’rifiy film loyihalarini har bir mahallaga, har bir aholi qalbiga yetkazish vazifasi yuklatilmoqda. Tadbirlarimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shundan iborat. O‘ylaymanki, Qashqadaryoning ijobiy tajribasi tez orada butun respublika bo‘ylab tarqaladi”, — deya ta’kidladi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
Tashrif doirasida kinorejissyorlar tomonidan iqtidorli yoshlarni aniqlish, iste’dodini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida kastinglar va videoprobalar tashkil etish rejalashtirilgan.








