Tez tibbiy yordam tizimidagi “Damas”lar almashtiriladi
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab tibbiyot texnikumi va kolleji o‘quvchilari bir vaqtning o‘zida haydovchilikka ham o‘qitiladi.

Bugun, 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida shoshilinch va tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash hamda uni aholiga yanada yaqinlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda 2022–2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtirilishi aytib o‘tildi.
Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimasiya mashinalari olib beriladi. Barcha tez yordam transportlari navigasiya tizimiga ulanadi.Buning natijasida chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqaradi.
“O‘zavtosanoat” oldiga joriy yilda olib berilishi lozim bo‘lgan mashinalarni o‘z vaqtida ishlab chiqarib, yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, tея tibbiy yordam tizimida chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga ko‘ra saralash tizimi joriy etiladi. Yangi tashkil etiladigan Koll-markaz dispetcherlari shunga qarab, vrach yoki feldsherdan iborat tibbiy brigadalarni yo‘naltiradi.
Qayd etilishicha, xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning o‘zida haydovchi hisoblanadi.
Shu bois, yangi o‘quv yilidan tibbiyot texnikumlari va kollejlarida feldsherlikka o‘qiyotgan yoshlar bir vaqtning o‘zida haydovchilikka ham o‘rgatiladi.








