O‘zbekiston va Qirg‘iziston TIV rahbarlari telefonlashdi
Suhbat chog‘ida qo‘shnichilik munosabatlari muhokama qilingan.

Bugun, 6-may kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vladimir Norov Norov suhbat avvalida Jeyenbek Kulubayevni lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan.
Tomonlar turli sohalarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilgan. Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, yangi mazmun bilan boyigani ta’kidlangan.
Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada jadallashtirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar jadvali, kun tartibi va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Iliq va do‘stona ruhda o‘tgan suhbat yakunida muntazam aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.








