Rossiya diplomati oziq-ovqat tanqisligining asl sababini ochiqladi
U Moskva bu muammoga aybdor emasligini aytgan.

Rossiya dunyodagi oziq-ovqat inqiroziga sababchi emas. Bu haqda RFning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov maʼlum qildi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Moskva oziq-ovqat tanqisligiga umuman aloqador emas va ushbu muammoga G‘arb sanksiyalari sabab bo‘lib qolmoqda. Antonov bu kabi ayblovlarni “o‘ta destruktiv” deb atagan.
“Hamkasblarimiz butun dunyoni Rossiyaga qarshi sanksiyalar uning eksport salohiyatiga taʼsir o‘tkazganiga ishontirmoqchi... gap eng avvalo qator rus banklarining SWIFT tizimidan uzib qo‘yilishi va bizning transport sektorimizga qo‘yilgan cheklovlar haqida ketmoqda”, – degan u.
Elchining qo‘shimcha qilishicha, barcha to‘siqlarga qaramay, Rossiya oziq-ovqat va mineral o‘g‘itlar bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishda davom etadi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi oziq-ovqat tanqisligiga qarshi kurashmoqchi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgandi.







