Rossiyadagi o‘rmon yong‘inlarida 7 kishi halok bo‘ldi
14 kishi kasalxonaga yotqizilgan.

Kecha, 7-may kuni Krasnoyarsk o‘lkasidagi yong‘in yigirmaga yaqin aholi punktlarini qamrab oldi. Bunga elektr simlarining uzilishi, qisqa tutashuv va yong‘inga ehtiyosizlik bilan munosabatda bo‘lish sabab bo‘lgan.
Yong‘inlarning tez tarqalishiga shamolning 40 metr/sekund tezlikda esishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.
“Yong‘inlar natijasida 7 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi tan jarohati oldi, ulardan 14 nafari kasalxonaga yotqizildi. Barcha yong‘inlar bartaraf etildi. Bu ularning keyingi tarqalish xavfi minimallashtirilganligini anglatadi. Viloyatning 13 ta munisipal tumanida yong‘inni o‘chirish davom etmoqda”, — deyiladi Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.
Krasnoyarsk o‘lkasidagi yong‘inlar natijasida zarar ko‘rgan binolarning yarmidan ko‘pi turar-joy binolaridir. Yong‘in oqibatida jami 484 ta bino zarar ko‘rgan. Yong‘inlarni o‘chirishga 814 kishi, 294 dona texnika jalb etilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin tabiiy yong‘inlarda halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, shuningdek, yong‘in tarqalishi natijasida uy-joyidan ayrilganlarga yordam berish uchun barcha choralarni ko‘rishni aytgan.








