Toshkentda 300 dan ortiq psixotrop dori aniqlandi
Uni sotayotgan shaxslarga jinoyat ishi ochilgan.

Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Departamentning Bektemir tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorlgida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro U.A. ikki nafar shaxsdan kuchli ta’sir qiluvchi 90 dona “Tebantin” nomli dori vositasini xarid qilganligi aniqlangan. Uning ko‘rsatmasiga asosan davom etgan tadbirda fuqaro Q.A.ga tegishli “Nexia” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, yana 156 dona “Tebantin” nomli dori vositalari borligi ma’lum bo‘ladi.
Yana bir tezkor tadbirda fuqaro Sh.X. xaridorga 1 dona “Tropikamid” nomli dori vositasini 100 ming so‘mga sotganligi aniqlanib, Sh.X. va uning sherigi M.R.ning yonidan o‘tkazish maqsadida saqlab kelinayotgan 10 dona “Tropikamid” va 45 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








