Shavkat Mirziyoyev To‘qayevni Gʻalaba kuni bilan tabrikladi
Bugun ikki davlat rahbari telefon orqali muloqot qildi.

Bugun, 9 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu xaqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birini, ikki mamlakatning birodar xalqlari va faxriylarini Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalaba kuni bilan samimiy muborakbod etib, sihat-salomatlik, baxt-saodat va farovonlik, tinchlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdo va investisiyalar ko‘rsatkichlari izchil oshib borayotgani, parlamentlar, hukumatlar va hududlar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo, sanoat kooperasiyasi, transport va logistika, energetika, infratuzilma va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentlar mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.








