YI vakili Eronga boradi
U yadro kelishuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazadi.

Yevroittifoq tashqi siyosiy idorasi rahbarining o‘rinbosari Enrike Mora Eronga tashrif buyuradi. Bu haqda Eron TIV rasmiy vakili Said Xatibzoda maʼlum qildi.
Mora Eron bilan yadro kelishuvi muzokaralarida YEI koordinatori hisoblanadi. U Tehronning muzokaralardagi vakili Ali Bagiri Kani bilan uchrashadi.
“Tehronga YI koordinatori kelishi – bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam”, degan Xatibzoda. U Mora bilan muzokaralar yadro kelishuvida yangiliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan. Sababi Yevroittifoq AQSH va Eron o‘zaro bayonotlar almashishida vositachi bo‘lib turibdi.
Maʼlumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida "Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi" imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, G‘arb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi.
Avvalroq Oq uy Eronni yadro kelishuvi hamon imzolanmaganida ayblagandi.







