“Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar” – Shavkat Mirziyoyev
Ortiqcha g‘alla davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida sotilishiga ruxsat beriladi

Ayni damda g‘allachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bag‘ishlangan Prezident yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda g‘alla qabul qilish punktlari sonini kamaytirish va keyingi yildan boshlab ularni xususiylashtirish chora-tadbirlari belgilab berildi.
“Hokimlar bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar”, – deya taʼkidladi Prezident. “Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qatʼiyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Marhamat, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday to‘siqlarsiz g‘allani olib ketishi mumkin”.
Bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari bu masalani shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qatʼiy choralar ko‘rib borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda:
- fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi;
- 500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlarini davlat o‘z zimmasiga oladi va bunga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Agar fermer va klasterlar tomonidan yetishtirgan ortiqcha g‘allasini sotish istagi bo‘lsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.







