Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga kuchli sel keldi
Oqibatda “So‘x-Rishton” avtomobil yo‘lida harakat to‘xtatilgan.

Bugun, 11-may kuni soat 18:00 larda qisqa muddatda yog‘ib o‘tgan ko‘p miqdordagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida So‘x tumanining “So‘x”, Farg‘ona tumanining Shoximardon hududi “Yordon” MFYlarida sel oqimlari yuzaga keldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida So‘x tumanining “Malbut” qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi “Malbut”, “Devayron” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Devayron” sel yo‘llarida sel oqimlari soy o‘zaniga sig‘may, “So‘x-Rishton” avtomobil yo‘lining qatnov qismiga loyqa va turli tog‘ jinslari oqizib kelgan. Oqibatda ushbu avtomobil yo‘lida transport vositalarining qatnovi vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Sel suvlari “Malbut” qishlog‘idagi xonadonlarning yerto‘la, qo‘shimcha bino va tomorqalariga kirgan. Hozirda muhandislik texnikalari yordamida sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.








