AQSH gipertovushli qurollarni kuzatib turuvchi sunʼiy yo‘ldosh yaratmoqchi
Pentagon vakili bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

AQSH 2023 yilda gipertovushli va ballistik raketalarni kuzatib turuvchi ikki sunʼiy yo‘ldosh yaratadi. Bu haqda Pentagonning havo hujumiga qarshi mudofaa agentligi direktori vitse-admiral Jon Xill maʼlum qildi.
U bu haqda Kongressdagi chiqishida gapirgan. Xillning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sunʼiy yo‘ldoshlar orbitaga Hind-Tinch okeanidagi barcha raketa sinovlarini kuzatib turish uchun qulay tarzda olib chiqiladi. Kelajakda shu kabi qurilmalardan iborat guruh ham ishga tushirilishi mumkin.
Xill hozirda sunʼiy yo‘ldosh yaratishda uch xususiy kompaniya ishtirok etayotganini taʼkidlagan. Yil oxiriga kelib Pentagon ularning birini tanlab oladi.
Shuningdek, Xill AQSH harbiy-dengiz kuchlari kemalarini gipertovushli qurollardan himoya qiluvchi qurollar ham ishlab chiqilayotganini qayd etgan.
Avvalroq AQSH sunʼiy yo‘ldoshga qarshi qurol sinovidan voz kechgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







