Finlyandiya bugun NATОga qo‘shilishini eʼlon qiladi — Reuters
Shundan keyin Shvetsiya ham ushbu qarorini maʼlum qiladi.

Finlyandiya prezidenti Sauli Niynistyo payshanba kuni NATOga aʼzolik arizasini topshirishni rasman eʼlon qiladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Finnlardan so‘ng Shvetsiya ham bu bo‘yicha qarorini oshkor qilishi kutilmoqda. Agentlikning besh nafar nomi sir qolishini istagan diplomatlarga asoslanib xabar berishicha, Xelsinki va Stokgolm alyansga o‘ta tezkor qabul qilinadi.
Har ikki davlat ham anchadan buyon NATO bilan keng qamrovli aloqalar o‘rnatgan va uning tartiblariga moslashishi qiyin kechmaydi. Ular keyingi haftaning o‘zidayoq aʼzolik arizasini topshiradi.
NATO vakillari Finlyandiya va Shvetsiya yaqin haftalarda alyans aʼzosiga aylanishini taʼkidlagan. Ammo ularning to‘laqonli va rasmiy ishtirokchiga aylanishi uchun bir yil vaqt kerak. Bu davr ichida harbiy blok davlatlari parlamentlari ushbu ikki mamlakat aʼzoligi to‘g‘risidagi qarorni ratifikatsiya qiladi.
Shvetsiya ikki asr, Finlyandiya esa 80 yil neytral maqomni saqlab keldi. Rossiyaning Ukrainaga kirib kelguniga qadar har ikki davlat fuqarolarining katta qismi harbiy bloklarga aʼzo bo‘lishga qarshi bo‘lgan. ammo 24 fevraldan so‘ng vaziyat keskin o‘zgardi:so‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, finnlarning 76 foizi NATOga qo‘shilishga rozi.
AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa G‘arb davlatlari Xelsinki va Stokgolmning alyansga rasman qo‘shilishiga qadar xavfsizlik kafolati taqdim etishga tayyorligini maʼlum qildi.
Avvalroq Shvetsiya va Finlyandiya NATOga shu yilning o‘zidayoq qo‘shilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.







