Andijondagi maktab yonida spirtli ichimliklar sotilayotgani aniqlandi
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Safarobod MFY hududidagi maktab va bog‘cha yonida spirtlik ichimliklar sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan joriy yilning mart oyida Oltinko‘l tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan va tadbirkor X.X. “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi talablariga zid ravishda faoliyat ko‘rsatgani uchun uning faoliyati to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, fuqaro A.S bog‘cha oldidagi yashash xonadonining yonida savdo do‘koni tashkil qilib, noqonuniy alkogol mahsulotlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, uning faoliyatiga ham chek qo‘yilgan.
Fuqaro A.S ga nisbatan 8 may kuni Oltinko‘l tuman DSI tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 176-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.








