Toshkentda salkam 220 mlnlik jinoyat fosh bo‘ldi
Bu noqonuniy dorilar savdosi bilan bog‘liq.

Yangiyo‘l tumanida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Ma’lum qilinishicha, Departament, DXX va IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro M.I. va boshqalar dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlab, xorijda ishlab chiqarilgan jami 1630 quti “Remdesivir for injection”, “Zemen”, “Sefason” va “Sulmerop” nomli tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarini fuqaro F.ga 219,9 mln so‘mga sotishga kelishib, ushbu pul hisobidan 20 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








