Farg‘onada Prezidentga usta bo‘lib ko‘ringan hokim haydovchisi haqida rasmiy munosabat bildirildi
Ta’kidlanishicha, haydovchi o‘zida duradgorlikka qiziqish borligi sabab ustaga shogird tushgan.

12–13 may kunlari Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgandi. Tashrif doirasida Prezident Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan suratda davlat rahbarining orqasida o‘ymakor shogird libosida tuman hokimining haydovchisi turganligi qayd etilgan material e’lon qilindi. Uning ortidan esa Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktor o‘rinbosari ekani haqida chiqishlar paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, rasmdagi shaxs haqiqatdan ham tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov bo‘lib, u O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biri hisoblanadi.
Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tuman hokimligida haydovchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keladi. Avvaldan o‘zida o‘ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida milliy yog‘och o‘ymakorligi san’ati o‘rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o‘rgana boshlagan.
“Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o‘rganuvchilari ham bo‘lishganini e’tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida u yerda bo‘lishi tabiiy holatdir”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Muhammadali Yunusovning korxonasida o‘ymakorlik o‘rganayotgan shogirdlarning ko‘plari boshqa kasb bilan ham shug‘ullanadi.
Davlat rahbari bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan dars bergan. Hozirda tumandagi 21-maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 0,75 stavkada direktor o‘rinbosar bo‘lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o‘ymakorlik bilan shug‘ullangan. Hozirda “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o‘rgatuvchi lavozimida ishlaydi.








