“O‘zbekiston va Tojikiston YEOIIga yaqinlashuvda katta qadamni qo‘ydi” – Lavrov
Vazir bu haqda Dushanbedagi MDH Vazirlar kengashi yig‘ilishida aytib o‘tgan.

“TASS” bergan maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tojikistondagi MDH Vazirlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha 13 may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu masala haqida gapirgan.
«Menimcha, bizda progress yetarli darajada jiddiy. Tojikiston YEOII bilan anchadan beri aloqada bo‘lib kelgan va bu masalalar bilan shug‘ullanish uchun Dushanbe maxsus vakil tayinlagan. U hamkorlikka olib keladigan jihatlar va YEOIIga aʼzolikni diqqat bilan ko‘rib chiqadi.», — degan u. “O‘zbekiston ham so‘nggi ikki yil davomida mamlakat prezidenti qarori bilan shunday yo‘l tutmoqda”.
Vazirning taʼkidlashicha, ikki davlat prezidenti kelishuviga asosan, Rossiya–O‘zbekiston ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruh amaliy jihatlarni ko‘rib chiqib, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan yaqinlashuv bo‘yicha kelib chiqadigan masalalar yuzasidan Toshkentga maslahat xizmatlarini ko‘rsatishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda MDH davlatlari TIV rahbarlari yig‘ilgani haqida xabar berilgandi.







