Qashqadaryolik erkak 3 aka-ukasi bilan ayoli va o‘g‘lini kaltakladi
Holat yuzasidan viloyat IIB ma’lumot berdi.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida erkak 3 nafar aka-ukasi bilan o‘z ayoli va farzandini kaltakladi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2 aprel kuni tumanning “Mayda” MFYda istiqomat qiluvchi Z.X. yashash uyida o‘tirgan vaqtida uning turmush o‘rtog‘i X.Xa. aka-ukalari bilan kelib, o‘zaro janjallashgan. Shundan so‘ng aka-ukalarning barchasi ayol va uning o‘g‘liga tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan X.Xa., X.X., X.Fa., X.F.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g,i,m” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i X.Xa.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qamashi tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.








