Surxondaryoda soxta “Al Hadaya” ishlab chiqarilayotgani aniqlandi
Holat yuzasidan tadbirkorga Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bilan ish ochilgan.

Termiz shahrida biologik faol qo‘shimcha mahsulotlarning nusxasini ishlab chiqarib sotayotgan yashirin sex aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Departament tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro S.M. o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, xaridor J.ga 86 dona “Al Hadaya” (150 ming so‘mdan) va 100 dona “Androgard” (250 ming so‘mdan) nomli mahsulotlarning nusxalarini firibgarlik yo‘li bilan 40 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Tadbirkorning “Kattabog‘” MFY hududidagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, ushbu xonadondan 152 turdagi har xil yog‘ mahsulotlari, bo‘sh idishlar, har xil yorliqlarni (etiketka) ishlab chiqarishda foydalanilgan noutbuk va rangli printer ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








