Andijonliklar bug‘doy o‘rniga 8 tonna qum sotishdi
Holat yuzasidan 4 kishiga jinoyat ishi ochilgan.

Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida bug‘doy o‘rniga qum sotgan firibgarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 28-aprel kuni fuqarolar X.Sh., O.X., M.O. hamda X.Sh.lar o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida Telegram messenjeri orqali qashqadaryolik fuqaro Gʻ.S.ning ishonchiga kirib, unga bug‘doy sotish bilan shug‘ullanishlarini aytadi va uning har bir kilosini 4330 so‘mdan sotishga kelishadilar.
Shundan so‘ng fuqaro Gʻ.S.ning Qashqadaryo viloyatidan yuborgan yuk mashinasi haydovchisi S.M.ni Ulug‘nor tumani o‘ramidan o‘tgan Baliqchi-Ulug‘nor transport qatnov yo‘lida kutib olib, haydovchini iftorlik qilib kelishini aytgan holda chalg‘itib olib ketishadi. Fursatdan foydalanib haydovchi qoldirgan yuk avtomobiliga bug‘doy o‘rniga 8 tonna miqdoridagi qum mahsulotini ortishib S.M.dan 38 million 500 ming so‘m pul mablag‘larini oladi va pullarni o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborishadi.
Mazkur holat yuzasidan Ulug‘nor tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








