Dorivor o‘simliklarni yetishtirish yuzasidan Prezident qarori qabul qilindi
Unga ko'ra, har bir davlat tibbiyot muassasalarida dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilinadi.

Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlarini ajratishning yig‘ma maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1.1-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar o‘rmon fondi yerlarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1.2-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar yaylov yer maydonlarida kavrak madaniy plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1.3-ilovaga muvofiq;
“Bir tuman – bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar ro‘yxati
2-ilovaga muvofiq;
Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlashni kengaytirish hamda aholi o‘rtasida undan foydalanishni targ‘ib qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) ikki oy muddatda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda sertifikatlangan dorivor o‘simliklarning urug‘chiligi va ko‘chatchiligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalar bo‘yicha grant tanlovlarini eʼlon qilishni taʼminlasin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan, har bir poliklinikada, dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilinadi;
Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va hududlarda filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab xalq tabobatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Ibn Sino ilmining bilimdonlari” tanlovi o‘tkaziladi.
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev):
2022 yil 1 iyundan boshlab samarasi isbotlangan dorivor o‘simliklarni bosqichma-bosqich tibbiy yordam ko‘rsatish standartlari va protokollariga kiritish. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yangi yaratilgan hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan dori vositalarining tibbiyot amaliyotida keng qo‘llanilishini taʼminlash maqsadida klinik protokollar, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlari har olti oyda qayta ko‘rib chiqiladi;
5. Savdo-sanoat palatasi (D.A.Vaxabov) Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.X.Kariyev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Sh.Qudratov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, dorivor o‘simliklarning afzalliklarini aholi va shifokorlar orasida keng targ‘ib qilish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashda ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalarining kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash uchun har yili “Ibn Sino merosi” xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
6. Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga dorivor o‘simliklarni yetishtirishni kengaytirish, dorivor o‘simliklar yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatilsin.
Bunda mazkur kotibiyatga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi 1 ta shtat birligini qisqartirish hisobidan 1 ta shtat birligi ajratiladi.







