Germaniya va Italiya kompaniyalari Rossiya gazini rublda sotib olishi mumkin
Bundan oldin YI rus gazini sotib olish bo‘yicha maxsus qo‘llanma tayyorlagandi.

Germaniya va Italiya hukumati o‘z kompaniyalariga rublda hisob raqamlari ochish va shu orqali gaz sotib olishga ruxsat berdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlik bilan suhbatda bo‘lgan ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, Berlin Gazprombankka xorijiy valyutada pul to‘lash sharti bilan o‘z kompaniyalariga rublda hisob raqamlari ochishga ruxsat bergan. Shuningdek, Italiyaning Eni kompaniyasi ham Rossiya bankida o‘z hisob raqamini ochgan.
Bundan oldin Bryussel sanksiyalarni chetlab o‘tmasdan rus gazini sotib olish bo‘yicha ikki qo‘llanma tayyorlagandi. Ammo Yevropaning ayrim diplomatlari bu hujjatlar atayin mavhum tuzilganini va bu orqali Rossiyadan gaz sotib olish imkoniyatini saqlab qolish maqsad qilinganini taʼkidlagan.
Avvalroq Yevroittifoq Rossiyadan gaz sotib olishni keskin kamaytirishni ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







