Andijonda 3 nafar fuqaro YPX xodimini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, uning plansheti va ratsiyasini olib qochdi
YHXX voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyatida YHXB xodimini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, uning xizmatda foydalandigan rasiya, plansheti va znachogini olib ketib qolgan haydovchi haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan YHXX rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 15 may kuni Andijon viloyati Jalaquduq tumani “O‘roqchitepa” MFY hududida xizmat olib borgan YPX xodimi U.Muxtorov tomonidan “Captiva” rusumli avtomobil haydovchisi to‘xtatilgan. 1979 yilda tug‘ilgan haydovchi Sh.X. “Tico” avtomobiliga tegishli bo‘lgan davlat raqam belgisini “Captiva”ga o‘rnatib, boshqarib yurganligi aniqlangan. Qoidabuzarlik holati bo‘yicha bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Shundan so‘ng oradan vaqt o‘tib fuqaro Sh.X. tanishlari I.T. hamda Sh.Sh.lar bilan YPX xodimi U.Muxtorovning yoniga borgan. YPX xodimi qonuniy chora ko‘rilganligini tushuntirgan vaqtida fuqarolar xodim bilan janjallashib, ziddiyatli vaziyatni yuzaga keltirgan. Mazkur vaziyatda fuqarolar xodimga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan aloqa vositasi, ko‘krak nishon belgisi hamda planshet moslamasini olib, voqea joyidan yashiringan.
Xodimning bildirgisi asosida, tezkor xodimlarning aralashuvi bilan uchala fuqarolar tuman IIBga olib kelingan. Ular olib ketgan vositalar qaytarib olingan.
Mazkur holat yuzasidan 16 may kuni Jalaquduq tumani prokuraturasi tomonidan fuqarolar Sh.X., I.T. va Sh.Sh.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning uchalasi ham Jinoyat Prosessual Kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








