Toshkent viloyatida “Xalq banki”ga tegishli “Damas” avtohalokatga uchradi
Sud qaroriga ko‘ra, haydovchi 19 mln jarimaga tortilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida ikkita avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani aks etgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasida YHXX rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2021 yilning 13 oktyabr kuni soat 10.30 atrofida O‘rtachirchiq tumani hududidan o‘tgan “Avangard–O‘rtasaroy” avtomobil yo‘lining 5-kilometrida yuz bergan. Unda haydovchi B.T. boshqaruvidagi “Damas” hamda haydovchi U.A. boshqaruvida bo‘lgan “Vaz-2106"” rusumli avtomobillar o‘zaro to‘qnashib ketgan. Oqibatda yo‘lovchi Z.E. yengil tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Mazkur YTH yuzasidan tuman IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan to‘plangan hujjatlar 2021 yil 27 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rtachirchiq tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Fuqaro B.T. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan BHMning uch baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.
Shuningdek, huquqbuzar B.T.dan “Xalq banki” O‘rtachirchiq filiali foydasiga 19 186 042 (o‘n to‘qqiz million bir yuz sakson olti ming qirq ikki) so‘m, “Xalq banki” O‘rtachirchiq filialidan jabrlanuvchi A.A.ning foydasiga 7 773 294 (yetti million yetti yuz yetmish uch ming ikki yuz to‘qson to‘rt) so‘m zarar undirilishi belgilangan.








