Qashqadaryoda iste’molga yaroqsiz go‘sht aniqlandi
Jami 160 kg mahsulot yoqib yo‘q qilingan.

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida “Lacetti” haydovchisi iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlarini olib ketayotgan vaqtida YPX xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 24-maydan 25-mayga o‘tar kechasi soat 00:40 atrofida “Qashqadaryo–Toshkent” yo’nalishida harakatlanib ketayotgan “Lacetti” rusumli avtomashina Ko’kdala tuman hududidagi “Umakay” muntazam YPX maskanida to’xtatilgan. Yukxona ko’zdan kechirilganda haydovchi Chiroqchi tumanida yashovchi S.B. boshqaruvidagi avtomashinada tegishli veterinariya ma’lumotnomalarisiz, kelib chiqishi noma’lum bo’lgan, taxminan 160 kg og’irlikdagi yirik mol go’shtlarini olib ketayotgani aniqlangan.
Go’sht mahsulotlari Qashqadaryo viloyat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi mikrobiologiya va veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasida tekshirib ko’rilganda, iste’molga yaroqsizligi ma’lum bo’lgan.
Shundan so'ng viloyat hayvonlar kasalliklar tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi kuydirish pechida 160 kg go’sht mahsuloti yo’q qilingan.








