AQSH Shimoliy Koreyaning yirik xakerlar guruhiga sanksiya qo‘ymoqchi
Bu to‘g‘risida rezolyutsiya BMT xavfsizlik kengashiga kiritilgan.

AQSH Shimoliy Koreyaning Lazarus Group xakerlar guruhiga sanksiya joriy etishni taklif qildi. Bu haqda Vashington vakillari BMT Xavfsizlik kengashiga rezolyutsiya kiritgan.
Bu KXDRning yangi raketa sinovlariga javoban amalga oshirilmoqda. AQSH ishlab chiqqan hujjatda keltirilishicha, Lazarus Group bir qator Rossiya mudofaa tashkilotlari va energetika sektoriga kiberhujum uyushtirgan.
Bundan tashqari, guruh kiberayg‘oqchilik, maʼlumotlar, pul mablag‘larini o‘g‘irlash va boshqa zararli faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.
“Ushbu guruh 2007 yilda tuzilgan. U Bosh razvedka boshqarmasining 110 tadqiqot markaziga bo‘ysunadi va 3 texnik kuzatuv byurosi deb ham ataladi hamda KXDRning ko‘plab kiberoperatsiyalariga javob beradi.
Guruh qo‘lga kiritgan maʼlumotlar Pxenyanga sanksiyalarni chetlab o‘tish va BMT xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalarini buzish imkonini beradi”, – deb qayd etgan hujjat mualliflari.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, 2020-yilda Lazarus Group Hindistonning o‘ta muhim ijtimoiy infratuzilmalariga “DTrack” virusli dasturi orqali hujum uyushtirgan. 2020-yilda Germaniya va Rossiya mudofaa hamda energetik kompaniyalari ham ularning zarbasiga uchragan. 2021-yilga esa Yaponiya va JAR kompaniyalari ularning qurboniga aylangan.
Avvalroq Yaponiya va AQSH KXDR raketa sinovlariga javoban qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazgandi.







