O‘zbekistonda yangi geografik axborot tizimlari laboratoriyasi ochildi
Laboratoriyada yerlarning degradatsiya jarayonlari baholanadi va tuproq holati tahlil qilib boriladi.

Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot institutida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘magida tashkil etilgan yangi geografik axborot tizimlari (GIS) laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tashkilot “Zamon.uz” nashriga ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Yangi GIS laboratoriyasi eng zamonaviy kompyuterlar, server (ma’lumotlar markazi), plotter (tuproq xaritalarini chop etish qurilmasi) va GPS bilan jihozlangan.
Ochilish marosimida mutaxassislar yangi laboratoriyaning maqsad va vazifalari, shuningdek, uning ishlash prinsiplari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazishdi. Ilmiy xodimlari eng so‘nggi texnologiyalar asosida jihozlangan yangi laboratoriyaning imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
“Geoaxborot texnologiyalari yerlarning degradasiya jarayonlarini baholash va xaritalash, tuproqlar holatini tahlil qilishning samarador va tezkor axborot tizimlarini yaratish, tuproq xaritalash ishlarini, an’anaviy xaritalash usullarini zamonaviy kompyuterlashtirish, tadqiq etiladigan hudud to‘g‘risida tez va sifatli ma’lumot olish, geoaxborot texnologiyalarini qo‘llagan holda masofadan zondlash ma’lumotlariga ishlov berish orqali ko‘p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishda bir qator imkoniyatlar yaratadi hamda yer degradasiyasini bartaraf yetish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi”, — dedi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish hamda Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shadi.








