Xususiy sud ekspertlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
«Sud ekspertiza sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi.

Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan «Sud ekspertiza sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihada quyidagilar tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda:
▫️Sud ekspertlarining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, o‘tkazilgan sud ekspertizalarining sifati va boshqa mezonlarga asosan reyting tizimida baholab borish to‘g‘risidagi namunaviy nizom.
Nizomga:
- davlat sud-ekspertiza muassasasi va nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekspertlarining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, o‘tkazilgan sud ekspertizalarining sifati va boshqa mezonlarga asosan reyting tizimida baholab borish tartibi va baholash mezonlarini belgilash;
- sud eksperti faoliyatini «a’lo», «yaxshi», «qoniqarli», «qoniqarsiz» o‘lchovlari asosida baholab borish;
- reyting natijalarida ekspertlarni rag‘batlantirib borish va faoliyat ko‘rsatib kelayotgan sud ekspertlarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish;
- sud ekspertlik sohasidagi innovasiya texnologiyalarni keng ommalashtirish, sud ekspertiza faoliyatida sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratishga qaratilgan qoidalar kiritilgan.
- ▫️Yakka tartibda nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy sud eksperti faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
- Nizomda:
- yakka tartibda nodavlat sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy sud-ekspertlik faoliyatini tashkil etish;
- xususiy sud ekspertining huquqiy maqomi, funksiyalari, huquq va majburiyatlarni hamda javobgarligini belgilash;
- xususiy sud eksperti tomonidan o‘tkaziladigan ekspertiza turlarini belgilash;
- xususiy sud ekspertlariga qo‘yiladigan talablar va boshqa masalalar aks ettirilgan.
Shuningdek, loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.







