Toshkentda benzin sotish bilan bog‘liq jinoyat fosh bo‘ldi
Firibgarlar tadbirkorga arzon narxda yonilg‘i olib berishni va’da qilib, uning 1,4 mlrd pulini o‘zlashtirib yuborgan.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida tadbirkorga “Ai-80” markali yoqilg‘ini arzon narxlarda olib berishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Una fuqaro J.N. va boshqalar “E” MCHJ rahbari N.ning ishonchiga kirib, unga arzon narxlarda “Ai-80” markali benzin yoqilg‘isini olib berishni va’da qilgani va tadbirkorning 1,4 mlrd so‘mini “A.I.” MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib olishiga erishib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








