Bo‘stonlikda daraxtlar noqonuniy kesib, olib ketilayotgani aytildi
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratga rasmiy izoh berildi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududida yuk tashuvchi mashinada kesilgan daraxtlar olib ketilayotgani aks etgan surat tarqaldi. Holatga viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, yuk mashinasida olib ketilayotgan daraxtlar “Chimyon” MFY Tegirmonsoy mahallasida joylashgan xonadonga qarashli yer maydonidan kesilganligi aniqlangan. Daraxtlar uy egasi tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun ekilgan va ular pishib yetilgan 10 tup terak daraxtlari bo‘lgan.
Holat yuzasidan xonadon egasi va “Chimyon” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘rmon va o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda noqonuniy ravishda daraxt va butalarni kesish, shikastlantirish belgilangan tartibda jarimaga tortilishi haqida ogohlantirilgan.








