Samarqandda turistlar avtobusi halokatga uchradi
Oqibatda bir kishi vafot etgan. Ruminiya fuqarosi shifoxonaga yotqizilgan.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida turistlar avtobusi yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 22-may kuni soat 01:00 atrofida M-37 Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining tuman hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. Buxoro–Samarqand yo‘nalishida xorijlik sayyohlarni olib ketayotgan avtobus “Kamaz” yuk mashinasining ortidan borib urgan va yo‘l chetidagi to‘siqqa urilgan.
Oqibatda avtobus haydovchisining sherigi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Shu bilan birga, avtobusda bo‘lgan Ruminiya fuqarosi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, sayyohlarni avtobusi haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolgan.
Bundan oldin Jizzax viloyatida Neksiya haydovchisi yo‘lda uxlab qolib, avtohalokatga uchragani va voqea joyida halok bo‘lgani xabar qilingandi.








