Toshkentda noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
72 yoshli bemorning yuragi 15 daqiqa ichida operatsiya qilinib, chok tikilmaydigan klapan o‘rnatildi.

Toshkentdagi zamonaviy klinikalardan birida noyob kardiojarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Bor-yo‘g‘i yetti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va og‘ir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bemorning aortasiga o‘rnatilgan moslamani “kelajak avlod klapani” yoki “chok tikilmaydigan klapan” (aortaga tikilmaydi!) deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Mazkur klapanni o‘rnatish uchun an’anaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni to‘xtatib qo‘yish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Shuningdek, operatsiyadan bir kun o‘tiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. Bemor avvalgidek “suyagim bitsin” deb oylab korset taqishi ham shart emas. Qisqa qilib aytganda, reabilitasiya jarayoni tez va oson kechadi.
Bunday murakkab va noyob operatsiyaga malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchilik qilgan.
“Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli o‘tkazilmagan. Endi esa O‘zbekiston tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning so‘nggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yo‘l bosib, katta mablag‘ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi”, — degan R. Yarbekov.
“Tanishlarim 'Germaniya, Turkiya, Hindistonda yaxshi shifoxonalar bor, o‘sha yerda operasiya qilishadi' deyishdi. Lekin narxi juda qimmat ekan. So‘rab-surishtirsak, hozir deyarli hech bir yurtdoshimiz yurak-qon tomir amaliyotlari uchun chet elga davolanishga bormayotgan ekan. Barcha murakkab operasiyalarni o‘zimizning shifokorlar muvaffaqiyatli o‘tkazayotganini eshitib, xursand bo‘ldi”, — degan xastalikdan xalos bo‘lgan toshkentlik Mavluda aya.








