“Ko‘p hokimlar narx-navoga eʼtibor qilmasdan, jilovni qo‘lidan chiqarib yuborgan” – Prezident
Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini oziq-ovqat, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

“Dunyoda kun sayin oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlarning o‘sishi kuchaymoqda. Albatta, bu bizga ham taʼsir ko‘rsatmoqda.
Lekin, hamma viloyat, tuman va shahar hokimlari ham dunyoda bo‘layotgan vaziyatni baholab, ishini to‘g‘ri tashkil qilayotgani yo‘q. Buni bozorlarimizdagi narx-navo ko‘rsatib turibdi.
Jumladan, may oyida inflyatsiya darajasi 1 foizga oshib, bu o‘tgan yilga nisbatan yuqori bo‘ldi.
Albatta, narx-navoning o‘sishiga jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i – 33 foizga, shakar – 14 foizga, neft – 47 foizga oshgani bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda.
Bunday sharoitda hokimlar barcha ichki imkoniyatlarni safarbar etib, bozorlarni mahsulotlar, eng muhimi – oziq-ovqat bilan to‘ldirish uchun ikki karra ko‘proq ishlashlari shart.
Lekin, ko‘p hokimlar narx-navoga eʼtibor qilmasdan, jilovni qo‘lidan chiqarib yuborgan”, - dedi Prezident yig‘ilishda.
Uch kun muddatda barcha mahalla va qishloqlarda asosiy mahsulotlar bilan taʼminlash darajasini o‘rganib, kerak bo‘lsa, boshqa hududlardan tezkorlik bilan yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.







