Atambayevga O‘sh fojiasi bo‘yicha ayblov eʼlon qilindi
Bu haqda uning advokati Sergey Slesarev matbuotga maʼlum qilgan.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga 2010 yil iyun voqealari bo‘yicha jinoiy ish doirasida ayblov eʼlon qilindi.
2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan A.Atambayev lavozimdan ketgach, unga nisbatan bir qator moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jumladan, u 2020 yilda jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilish bilan bog‘liq korrupsiya ishi bo‘yicha 11 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Endilikda sobiq prezident tartibsizliklar payti mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, aniqrog‘i, fojianing oldini olish uchun kerakli darajada harakat qilmaganlikda ayblanmoqda.
2010 yil 10 iyun kuni Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida qirg‘iz va o‘zbek etnik guruhlari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan edi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, etnik ziddiyatda 442 kishi vafot etgan, biroq OAV qurbonlar bundan bir necha baravar ko‘proq bo‘lgan deb hisoblaydi. Fojia sodir bo‘lgan kunlarda O‘zbekiston Qirg‘izistondan 100 mingga yaqin qochqinni qabul qilgan.
O‘sha kezlarda Qirg‘izistonni Roza Otunbayeva rahbarligidagi muvaqqat hukumat idora etgan. A.Atambayev muvaqqat hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2010 yil iyun voqealari bo‘yicha jinoyat ish tergovi Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sadir Japarov topshirig‘iga binoan 2021 yil aprelda tiklangan. Qayta tergov doirasida muvaqqat hukumat amaldorlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.







