Toshkentda mushuklar otib tashlanmoqda
Holat yuzasidan shahar IIBB ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Qo‘shchinor mahallasida noma’lum shaxs mushukni otib tashlagani va hayvonlarga shafqasiz munosabatda bo‘layotgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yil 2-iyun kuni Yunusobod tumani IIBga Qo‘shchinor mahallasida yashovchi fuqaro M. S. dan murojaat kelib tushgan. Ayol o‘z murojaatida 27 may kuni kechqurun mushugini ko‘chaga sayr qilishga qo‘yib yuborganini, oradan bir yarim soat o‘tib mushugi qaytib kelganida, uning burun qismida qon oqayotgan yara borligini ko‘rganini bayon qilgan. Ertasi kuni ertalab mushugini veterinariya klinikasiga olib borgan. Tekshiruv davomida shifokorlar jonivorning jarohat joyidan pnevmatik o‘qni olib tashlagan.
Hozirda Yunusobod tumani IIB xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilib, huquqbuzarning shaxsi aniqlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, “Qo‘shchinor” mahallasida hayvonlarga nisbatan shunga o‘xshash boshqa holatlar ham kuzatilgan. Biroq bu bo‘yicha ichki ishlar organlariga hech qanday bayonot berilmagan.








