UNIСEF O‘zbekistonga 2 mingdan ortiq kompyuter yubordi
Ularning qiymati 1,5 mln AQSH dollarini tashkil qiladi.

UNICEF tomonidan O‘zbekistonda milliy immunizatsiya tizimini rivojlantirish uchun 2150 ta kompyuter jamlanmasi taqdim qilindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning mart oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi va UNICEF tomonidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan 102,5 million AQSH dollarilik “Yo‘l xaritasi” imzolangan.
Taqdim etilgan kompyuter vositalarining umumiy qiymati 1,5 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Mazkur mablag‘ Vaksinalar va immunizasiya bo‘yicha global alyansi (GAVI) tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish doirasida ajratilgan.
Kompyuterlar O‘zbekistonda samarali vaksina va immunizasiya boshqaruvini mustahkamlash, birlamchi tibbiyot muassasalarida sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishning funksional axborot tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur jihozlar mamlakatdagi mavjud barcha emlash punktlari va birlamchi tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladi.








