O‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabaga Spark berildi
Buxoroda institut dekani “perevod” uchun 12 ming dollar olib, yeb yubordi. Shundan so‘ng “ishni yopish” maqsadida pul bergan fuqaroga mashina taklif qilingan.

Buxoro viloyatida fuqaroning o‘qishini ko‘chirtirib berishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashi departamenti.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, fuqarolar N. va F. Buxoro davlat tibbiyot instituti dekan o‘rinbosari R. R. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro M. ning Qozog‘iston Respublikasida o‘qiydigan o‘g‘li R. ning o‘qishini tibbiyot institutiga ko‘chirib berish evaziga 12 ming AQSH dollarini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Tekshiruv davomida R. R. va F. lar fuqaro M.dan olgan 12 ming AQSH dollari evaziga F. ning boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinani Buxoro shahridagi “Shayx” restorani oldida M. ga topshirgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







