Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri bilan telefonlashdi
Yetakchilar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birini samimiy qutladi.

Bugun, 9 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning 20 yilligi bilan bir-birini samimiy qutladi.
2019 yil dekabr oyida Tokio shahrida o‘tgan sammit va oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, ularni amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ikki barobarga oshdi. Yaponiya yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalari ko‘paymoqda, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarida ko‘plab yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda. Energetika quvvatlarini modernizasiya qilish va kengaytirish, sanoatda, shu jumladan mashinasozlik va kimyo tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish, mehmonxonalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkentda o‘zaro hamkorlikda ilk bor tashkil etilgan Yaponiya Raqamli universiteti faoliyat yuritmoqda.
Davlat rahbari Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Yaponiyaning JICA agentligi va Xalqaro hamkorlik banki – JBIC doirasida ko‘rsatilgan moliyaviy va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmi 7 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, hukumat delegasiyalarining joriy yilda o‘tkazilgan sermahsul uchrashuv va muzokaralarining natijalari yuqori baholandi.
Yetakchilar innovasiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, fan va ta’lim sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari va parlamentlararo muloqotni davom ettirish muhimligini qayd etdi.
Osaka shahrida o‘tkaziladigan “EKSPO-2025” butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekistonning keng miqyosli ekspozisiyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Muloqot chog‘ida xalqaro kun tartibidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yaponiya Bosh vaziri mamlakat BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a’zo bo‘lishi, Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o‘g‘irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalalarida O‘zbekiston muttasil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya tomonini Kumamoto shahrida Suv sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi hamda Yaponiya Hukumati rahbari tomonidan keng mintaqada barqaror taraqqiyot va ravnaqqa erishish maqsadida ilgari surilgan Osiyoda amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bosh vazir Fumio Kisida, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini hamda Afg‘onistonda bardavom tinchlik va iqtisodiy tiklanishni ta’minlashga ko‘rsatayotgan ko‘magini yuksak baholadi.
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning butun salohiyatini ishga solishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Fumio Kisidani O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
O‘zbekiston va Yaponiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.







