Toshkent viloyatida 2 kishini poyezd bosib ketdi
Hodisa oqibatida ular voqea joyida vafot etgan.

Toshkent viloyatida 7-iyun kuni poyezd urib ketishi oqibatida ikki kishi vafot etdi. Holat yuzasidan Transport prokuraturasi rasmiy bayonot e’lon qildi.
Unda aytilishicha, 7-iyun kuni soat 06:30 da “Termiz-Toshkent–Andijon” yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezd “Jaloir-Kuchluk” temiryo‘l bekatlari oralig‘ida (24-kilometr, 8-to‘siqda) 26 yoshli S. S. ni urib ketgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro O‘rta Chirchiq tuman tibbiyot bilashmasida 1-guruh nogironligi (qulog‘ida nuqsoni bor) bo‘yicha ro‘yxatda turgan bo‘lgan. Hodisadan so‘ng u o‘z ehtiyotsizligi hamda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Shu kuni soat 09:50 da “Boz-su-Chirchiq” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan elektrovoz “Boz-su-Chirchiq” temiryo‘l bekatlari oralig‘idagi (31-killmetr, 3-to‘siq) piyodalar o‘tish joyida 21 yoshli R. O‘. ni urib yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida nonvoyxonada ishchi bo‘lib ishlagan. U Chirchiq shahrida joylashgan do‘konlarga non olib borib berish maqsadida velosiped haydab, qo‘l telefonidan foydalangan holda temiryo‘ldan o‘tayotgan vaqtida poyezd urib ketgan. Oqibatda yigit o‘z ehtiyotsizligi hamda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Hozirda yuqorida qayd qilingan holatlar yuzasidan Toshkent transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







