Ertaga Toshkentning bir qator ko‘chalari avtomobillar harakati uchun yopiladi
Shahar hokimligi cheklov sababi hamda vaqtini ma’lum qildi.

12-iyun — “Butunjahon velosiped kuni” munosabati bilan ertaga Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab velomarafon o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan bir necha ko‘chalarda soat 8:00 dan 11:00 gacha avtomobillar harakati cheklanadi.
Ular:
—Kichik xalqa yo‘li va Sharof Rashidov ko‘chalari kesishmasidan Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab Nukus ko‘chasi kesishmasigacha;
—Sharof Rashidov va Nukus ko‘chasi kesishmasidan Nukus ko‘chasi bo‘ylab Istiqbol ko‘chasi kesishmasigacha;
—Istiqbol, Nukus va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab Sharof Rashidov ko‘chasi kesishmasigacha.
“Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, — deyiladi Toshkent shahar hokimligi matubot xizmati xabarida.
Ushbu velomarafonda barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin. O‘z velosipediga ega bo‘lmaganlar uchun ijara punktlari tashkil etiladi.







