Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish taklif qilindi
Ushbu taklif BMTning yuqori martabali amaldori tomonidan berilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet KXDRga qarshi sanksiyalarni yumshatishga chaqirdi. Bu haqda u Jenevadagi Inson huquqlari kengashi 50 sessiyasida maʼlum qilgan.
“Men hamon COVID-19 tarqalishining KXDRdagi inson huquqlariga taʼsiridan xavotirdaman. Biron-bir vaksinatsiya jarayonisiz, cheklangan sog‘liqni saqlash infratuzilmasi hamda oziq-ovqat bilan beqaror vaziyat fonida bu aholining o‘ta qashshoq qatlamlariga jiddiy daxl qilishi mumkin”, — degan Oliy komissar.
Shuning uchun Bachelet xalqaro hamjamiyatdan Pxenyanga qarshi sanksiyalarni yumshatishni so‘ragan. Uning fikricha, bu zudlik bilan gumanitar yordam berish imkoniyatini taqdim etadi.
Maʼlumot o‘rnida: 12 may kuni Shimoliy Koreyada pandemiya boshlanganidan buyon ilk bor koronavirus holatlari qayd etilgani rasman tan olindi. Shundan keyin kasallik mamlakatda shiddat bilan tarqaldi. Xususan, hozirda 4.39 million kishi COVID-19 bilan kasallangan.







