Asosiy maqsad shahar aholisini ko‘paytirish emas, ularni yashash uchun qulay hududga aylantirish — Jahon Banki eksperti
Toshkentda O‘zbekistondagi urbanizatsiya jarayonlari bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Urbanizasiya — iqtisodiy taraqqiyotning asosi. Dunyoning rivojlangan davlatlarda aholining katta qismi shaharlarda yashaydi. Shaharlar ilm-fan, madaniyat va iqtisodiy faollikning markazi bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda keng qamrovli ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, 2030 yilga qadar shahar aholisi ulushini 65 foizga yetkazish, zamonaviy, ixcham va ekologik qulay shahar infratuzilmasini yaratish hamda Respublikada urbanizasiya jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan konsepsiya loyihasini ishlab chiqish maqsad qilingan.
Masalan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari zamonaviy shahar talablariga to‘la javob beradi. Xususan, bu yerda aholi ixcham joylashadi, yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Respublikada “millioner shaharlar” sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, yaqin istiqbolda Samarqand va Namanganni shunday tipdagi shaharlarga aylanadi.
Bugun Toshkentda Jahon bankining “Vaqt keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizasiyadan barqaror rivojlanishning asosiy omili sifatida foydalanishi mumkin?” hisobotining tadqiqoti bo‘lib o‘tdi. Unda shaharsozlikni rivojlantirish bo‘yicha ekspertlar o‘zaro fikr almashdi.
Xususan, yuqorida qayd etilgan hisobotning asosiy mualliflaridan biri, Jahon bankining shaharsozlik taraqqiyoti bo‘yicha mutaxassisi Dmitriy Sivayev muhim takliflar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy shaharlar aholi yashashi uchun qulay, ixcham va ekologik jihatdan barqaror bo‘lishi lozim. Bunga misol sifatida London shahri keltirildi.
“Masalan, men Londonda yashaganimda, shahar tashqarisidan markazgacha 20 daqiqada yetib borardim. Sababi, London — yaxshi ishlaydigan shahar”, — deb qayd etdi ekspert.
Sivayev urbanizasiya va iqtisodiy taraqqiyot omillari birlashgan taqdirda katta natijalarga erishish mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
“O‘zbekistonda urbanizasiyani rivojlantirish uchun katta maqsadlar qo‘yilgan. Ammo asosiy maqsad — shaharlarda aholi sonini ko‘paytirish emas, balki shaharni odamlar yashashi uchun qulay va xavfsiz hududga aylantirish”, — deb ta’kidladi u.
Mamlakatda ayrim shaharlardagi ba’zi kamchiliklar ham qayd etildi. Masalan, Namangan shahri misolida so‘nggi yillarda u to‘xtovsiz o‘sgani, ammo yangi qurilgan binolar ancha tartibsiz holatda barpo etilganiga e’tibor qaratildi.
“Shahar ancha cho‘zilib ketgan. Shu sababli ma’lum vaqtdan so‘ng bu yerda tirbandliklar ko‘payishi mumkin”, — dedi Sivayev.
Tadbir davomida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, ekspert jamoalari va olimlar fikri eshitildi.








